Singapurga safar. 2-kun

Singapurdagi markaziy Orchard road ko’chasida bir necha savdo markazlari joylashgan bo’lib, u yerdan asosan brend mahsulotlar va texnikalarni harid qilish mumkin.

Bu yerdagi do’konlarga kirib ko’rgach, o’zimni noqulay his qildim. Brend kiyimlarni kiymaganman, bu yerda ham baribir hech narsa olmayman. Tomosha qilishdan foyda yo’q. Narxlar qimmat, hattoki texnikalar uchun ham.

Sayyohlar 7% VAT soliqni aeroportda qaytarib olishlari mumkin. Buning uchun maxsus Tourego mobil ilovasi mavjud.

Orchard Road’dan metroga o’tirib, Sentoza ko’ngilochar parkiga yo’l oldim. Sentoza – Singapur janubida joylashgan bo’lib, orol har xil attraksionlar, akvapark, jungli o’rmon, plyaj va galereya-muzeyni o’z ichiga oladi. Orolga ikki vagonli kichik poyezdda, avtomobilda va kanatkada borish mumkin.

Kanatka varianti qulayroq tuyuldi, atrofni tomosha qilib, rasmga olib ketsa bo’ladi. Kanatka (Cable Car) – hammayog’i yopiq kichik kabina bo’lib, 1ta kabinkaga 8 kishigacha chiqish mumkin. Kanatkaning 2 yo’nalishi bor. Ikkalasida ham aylanish uchun 33 singapur dollari ($25) to’lash kerak bo’ladi. Lekin internetdan chiptani 19 singodollarga topish mumkin. Internetdan sotib olingan chiptani kassada ko’rsatsangiz, oddiy chipta berishadi. Umuman, deyarli barcha attraksionlar uchun chiptani internetdan sotib olganda chegirma mavjud.

Kanatkalar noqulay ob-havo sharoitida ishlamaydi deb yozib qo’yilganiga qaramay, qattiq jala quyayotgan vaqtda ham ishini to’xtatmagandi.

Kanatkadan atrof chiroyli ko’rinadi. Yomg’ir chelaklab quymoqda:

Odam ko’p:

Kanatkadan tushib sayr qildim:

Afsuski bir muddat tingan yomg’ir, yana quyishni boshladi. Noiloj kanatkaga amallab yetib oldim.

Kemalar, plyaj va sun’iy orolchalar:

Sentozani to’liq aylanishga, attraksionlari va akvaparklarida uchishga to’liq bir kun ketadi. Solo-sayyohlar (yakka sayyohlar) uchun ko’ngilochar bog’lar qiziq bo’lmasa kerak, do’stlar yoki oila a’zolari bilan aylangan ma’qul 🙂

Sentozadan keyin rosa maqtalgan aeroportni tomosha qilish uchun, aeroportga vaqtliroq borib turdim.

Qaytish chiptasini Singapurning Scoot aviakompaniyasidan olgan edim, Boing 787 Dreamlinerdagi parvoz qiziqtirgandi. Lekin Scootning yoqimli syurprizlari bu bilan tugamagan ekan. Masalan, elektron chiptani qog’ozga almashtirish uchun maxsus tablo o’rnatilgan – Fast Check-in deb nomlanadi:

Juda qulay. Menda bagaj yo’q edi, shu sababli to’g’ri immigratsiya nazoratiga qarab bordim. Immigratsiya nazoratida dastlab qo’l yukini skanerdan o’tkazishadi, lekin baklashka va suyuqlik solingan idishlarga tegishmaydi. Uni tekshirish – ichkaridagilarning vazifasi.

Immigratsiya nazoratida ham fast check-in’ga o’xshash tablo bor! Faqat Singapur fuqarolari undan foydalana olishar ekan. Navbat kutilmaydi, id kartani tekkizib, barmoqni skanerdan o’tkazilsa bo’ldi menimcha.

Immigratsiyadan o’tgach, aeroportda hordiq chiqarish mumkin.

Bog’:

Gullar haqiqiy emas, lekin chiroyli:

Baliqlar esa haqiqiy:

Balkondagi kungaboqarlar ham haqiqiy:

Shovqindan qochganlar maxsus xonada o’tirib olib, hayotning mazmuni nima ekanligi haqida bosh qotirishlari mumkin:

Yoki zerikkanda kinoteatrga tushsa ham bo’ladi:

Yuqoridagilarning barchasi AEROPORT hududida!

Bundan tashqari duty-free savdo shahobchalari, ovqatlanish zallari, suvenir do’konlar, play-station xonalari, futbol qo’yilgan katta ekran mavjud.

Changi – eng yaxshi aeroport ekanligiga shubha yo’q.

Yonimdagi ortiqcha Singapur dollarini aeroport hududida Tayland batiga almashtirish fikridan qaytdim. Valyuta kursi aeroportda 1SGD – 4THB edi, ya’ni odatdagidan 6 barobar arzon. Taylandda Superrich valyuta almashtirish shahobchalarida kurs 1SGB = 25THB. Farq juda katta.

Aytganday, biz O’zbekistonda endigina turistik obyektlar yaqiniga qo’ymoqchi bo’lgan smaylik-baholash tizimi Singapurda ko’pgina xizmat ko’rsatish joylariga o’rnatilgan. Hojatxonalarda ham bor hattoki. Hojatxonalardagi tabloda baholashning tagiga “Havotir olmang, ekran toza” mazmunida yozib qo’yishgan. 🙂

Samolyotga chiqish vaqti kelgach joyimni topib o’tirdim.

O’zbekiston havo yo’llarida uzoq tunggi parvozda uchganlar bilishsa kerak – samolyot tepaga ko’tarilib bir muddat o’tgach, epchillar uxlash uchun 2 yoki 3 yonma-yon kresloni qidirishga tushib qolishadi. Scoot’da esa samolyotdagi har bir joy qulayligiga qarab narxlangan. Masalan oldida kreslosi yo’q bo’lgan qatordan joy olish uchun qo’shimcha to’lash kerak. Tabiiyki bu holatda hamma o’zining joyiga o’tiradi.

Samolyot bortida wifi bor. Unga ham alohida to’lanadi albatta.

Boing 787 Dreamliner interyeri jihatidan qulayroq (Boing 767ga nisbatan), lekin uchishdagi shovqin bo’yicha farq yo’q. Loukoster bo’lgan Scootning yaqin parvozlarga nima uchun 787 qo’ygani men uchun jumboq. Qo’shimcha qulaylik va marketing tomondan ustunlikni ko’rsatish uchun bo’lsa kerak. Men ham aynan 787da uchib ko’rish uchun AirAsia yoki NokAirdan ko’ra Scootni tanlagandim.

2 soatdan ortiq davom etgan parvozdan so’ng Bangkokga qo’ndik…