Dasturchi uchun ishlash va yashashga qulay 7 ta shahar

Yashash va ishlash uchun qulay shahar

Sifatli yashash (life quality) uchun qulay shahar deganda yaxshi sharoit, stabil ish-hayot balansini ta’minlaydigan shahar tushuniladi. Dasturchi kasbiga dunyoning ko’p rivojlangan davlatlarida talab bo’lgani uchun, bo’sh vaqtimda shaharlarni solishtirib chiqqandim. Ideal shaharni tanlashda mening o’lchovlarim quyidagicha:

  • Kompaniyalarning ofislari shahar markazida joylashgani uchun markazda yashash har doim qimmat bo’lib kelgan. Markazning afzalliklari haqida ortiqcha ta’rifning hojati yo’q.
  • Global tilli davlat yoki ekspatlarning ko’pligi (International community). O’zga yurtda ishlayotgan muhojirlar uchun o’z diasporasi, hech bo’lmasa biror global tilda so’zlashuvchi jamiyatning bo’lishi tajriba almashishlari uchun muhim. Misol uchun ruslar va MDH davlatlari ekspatlari boshqa davlatlarda o’z guruhlarini ochib olishadi. Shu jumladan Tayland uchun ham Telegram va Facebook guruhlari mavjud.
  • Halol ovqat mahsulotlarining mavjudligi. Bu punkt musulmonlar uchun muhim ahamiyatga ega.
  • Rivojlangan jamoat transporti. Avtomobilda yurish yaxshi agar imkon bo’lsa. Yo’llarida tirbandliklar mavjud bo’lgan katta shaharlar uchun jamoat transporti kerak bo’ladi.
  • Sifatli bog’cha va maktablar. Farzandingizning bilim sifati keyinchalik uni rivojlangan davlatlardagi kollejga kira olishiga yetarli bo’lishi uchun sifatli ta’limga ham e’tibor qaratish lozim.
  • Past soliq stavkasi. 2-3 yil ishlaydigan davlatda oylikning 30-50% qismi soliqqa o’tib ketishi ekspatlar uchun adolatsizlik.
  • Islomofobiya, irqchilik, millatchilikning bo’lmasligi.

Taqqoslash uchun shaharlar:

1. Berlin, Germaniya

+ Doktorlar va IT muhandislariga oson viza berish tizimi yo’lga qo’yilgani sababli, Germaniyada dasturchilar uchun vakansiyalar ko’p. Berlin ekspatlar uchun qulay joy, ingliz tilining o’zi bilan bemalol yashash mumkin.
+ Musulmonlar aholining 9%ni tashkil etadi, shu bois halol oziq-ovqat mahsulotlari bilan muammo bo’lmaydi.
+ Jamoat transporti rivojlangan.
+ Maktablar sifatli ta’lim beradi, faqat nemis tilida.
+ Besh yildan keyin doimiy yashash ruxsatnomasi olish mumkin.
+ Yevropani aylanish imkoniyati.

– Dasturchilarning o’rtacha oyligi 4500 yevro, shundan bo’ydoqlar soliqqa oyligining 45-50% ni o’tkazadi. Oilali va bolalilarda biroz yengilroq. Soliq stavkasi juda baland baribir.
– Turar joy qimmat. Shahar markazidagi 3 xonali uy 1500 yevro atrofida. Elit turar joy komplekslarida turish imkonsiz.
– Islomofobiya kam uchrasada, bor. Asosan yoshi kattalar orasida.
– Qish mavsumida ob-havo depressiyaga tushiradigan darajada bir xil bo’ladi.

2. Stokholm, Shvetsiya

+ Bu yerda ham dasturchilar uchun vakansiyalar ko’p.
+ Toza tabiat. Shvetsiya dunyodagi eng toza havoli davlatlardan biri.
+ Musulmon diasporasi Yevropa bo’yicha eng kattasi. Halol ovqat bo’yicha muammo bo’lmasa kerak.
+ Jamoat transporti rivojlangan.
+ Maktablar bepul, shved tilida dars o’tiladi.
+ Doimiy yashash ruxsatnomasi olish mumkin.

– Turar joy qimmat. Shahar markazidagi 3 xonali uy uchun 2000 yevrodan ko’p to’lash kerak.
– Uzoq muddatga ijaraga joy topish ham bir muammo. Odatda ijara e’lonlarida uy necha oydan keyin bo’shashi ko’rsatib qo’yiladi.
– Soliq stavkasi baland. Oilalilar 30-35% soliq to’laydi.

3. Dubay, BAA (UAE)

+ Elit turar joy kompleksida yashash mumkin, bunda 2 yotoqxonali kvartira ijarasi uchun oyiga $1500-$2000 ketadi.
+ Soliq stavkasi 0! Mahsulot sotib olishda 5% QQS to’lanadi.
+ Musulmon davlat, halol ovqat masalasida muammo yo’q.
+ Toshkentga to’g’ridan to’g’ri parvoz bor.

– Dubay avtomobil shahri, jamoat transporti qoniqarli. Yo’llardagi tartib esa qoniqarli emas.
– Raqobatchingiz arzon ish kuchi – indus dasturchi bo’ladi.
– Jarimalar juda qimmat.
– Havosi changli va juda issiq.
– Maktablarda arab tilida o’qitiladi. Internatsional maktablar esa qimmat.

5. Bangkok, Tayland

+ Bangkokda elit turar joy komplekslari arzon. 2 yotoqxonali (3 xonali) kvartiralar $700-$1200 orasida.
+ Oilalilar uchun soliq stavkasi o’rtacha 11%. Farzandlar soniga, qaramog’ida ota-onasi borligiga qarab soliq yuki ham kamayib boradi.
+ Halol mahsulotlar topish mumkin. Bangkokda arab, yapon, xitoy, vestern, italyan, malay halol restoranlarini topsa bo’ladi. Gastronomik turizm uchun qulay shahar.
+ Ekspatlar ko’p, ularning jamiyatlari mavjud.
+ IT bo’yicha vakansiyalar ko’p.
+ Toshkentga to’g’ridan to’g’ri parvoz bor.

– Nafaqat til, balki ieroglif alifbosini ham o’rganish qiyin. Bu mahalliy aholi bilan muloqotni cheklaydi.
– Jamoat transporti nisbatan yaxshi rivojlanmagan, shahar ko’pincha tirband bo’ladi – avtomobil ko’p. Hatto pullik trassalar ham tirband bo’ladi.
– Shaharning ba’zi qismlari tozamas.
– Qish oyida chang, hatto zaharli havo bo’ladi.
– Internatsional maktablar juda qimmat. O’rtacha oyiga $700-$1000

6. Kuala Lumpur, Malayziya

+ Elit turar joy komplekslari arzon. 2 yotoqxonali (3 xonali) kvartiralar $600-$1000 orasida.
+ Past soliq stavkasi – o’rtacha 15%.
+ Musulmon mamlakat – halol mahsulotlar bilan muammo yo’q.
+ Rivojlangan jamoat transporti.
+ Ekspat jamiyatlari mavjud, mahalliy aholi ingliz tilida gaplasha olishadi.
+ Toshkentga to’g’ridan to’g’ri parvoz bor.

– IT firmalarning to’lov qobilyati past, shuning uchun ular ko’pincha mahalliy mutaxassislarni qidirishadi.

7. Singapur

+ Elit turar joy komplekslarida yashash imkoniyati bor.
+ Rivojlangan, ingliz tilida so’zlashuvchi jamiyat.
+ IT mutaxassislari uchun katta oylik to’lashadi.
+ Ishga joylashgandan bir yil o’tib doimiy yashash ruxsatnomasi olishga hujjat topshirish mumkin.
+ Jamoat transporti rivojlangan.
+ Halol mahsulotlarni topish muammo emas.

– Turar joy qimmat. Shahar markazida 2 xonali kvartira ijarasi uchun oyiga $2500 to’lash kerak. Shuningdek 2 baravar arzon oddiy (HDB) kvartiralarda ham turish mumkin. HDB kvartiralar shovqinli va ko’p ham qulay bo’lavermaydi.
– Jamoat transporti tiqilinch bo’ladi, sababi avtomobil haydashning imkoni yo’q.
– Jarimalar juda qimmat.

P.S. Ishchi viza olish qiyin bo’lgani va faqat katta korporatsiyalar ishchi viza rasmiylashtira olishi uchun AQSH shaharlarini qo’shmadim.