Yangi ish joyi qidirish jarayonida tajribali rekruiterlar bilan ishlash albatta yaxshi natija beradi. Rekruiter orzuingizdagi kompaniya eshiklarini ochishga yordam qo’lini cho’zishi, rezyumeingizni ko’rib chiqib o’z fikrini aytishi, intervyular davomida nimalar haqida gapirish yoki gapirmaslik kerakligi haqida tushuncha berishi mumkin. Ularning barchasi ish qidirish jarayonida asqotadi.
Siz rekruiterni o’zingiz topishingiz yoki rekruiter o’zidagi job pozitsiyasi uchun sizga aloqaga chiqishi mumkin. Rekruiter bilan qanday tanishishingizdan qat’iy nazar, quyidagi maslahatlar rekruiterlar bilan pozitiv hamkorlikda bo’lish hamda hamkorlikdan maksimal foyda chiqarishga yordam beradi.
Maqsadingizni aniqlab oling
Nima sizning ustunlik tarafingiz? Qaysi tartibdagi kompaniya madaniyati sizga to’g’ri keladi? Qaysi kompaniyalarda ishlashni xohlaysiz? Ushbu savollarga javob topish karyeraviy maqsadingiz uchun rekruiter topishda kerak bo’ladi.
Rezyumeni yangilab boring
Rekruiterlar albatta nomzodga aloqaga chiqishdan oldin rezyumelar bilan tanishib chiqishadi. To’g’ri to’ldirilgan rezyume rekruiterlar bilan ishlash imkoniyatini oshiradi. Shuningdek, rezyumeni to’g’ri to’ldirish ham zarur. Masalan, rezyumega hozir rasm qo’shilmaydi, hobbilaringizning esa hech kimga qizig’i yo’q (Rezyume to’ldirish haqida alohida maqola yozaman).
Rekruter bilan intervyu
Rekruiterlarga karyeraning tarixi va maqsadlaringizni ma’lum qilishingiz, ularga sizga mos ish topishlari uchun yordam beradi.
Tavozeli munosabatda bo’ling
To’g’ri, rekruiterlar sizni ish beruvchi bilan tanishtirib qo’yishgani uchun bonus olishadi ammo bu ularning mehnatini qadrlamaslikni yoki ularga salbiy munosabatni keltirib chiqarmasligi lozim. Ular nomzodlarning bazani yaratib, huddi siz kabi boshqalar uchun ham mos keladigan ish joyini qidirishadi, ko’p rezyumelar bilan tanishib chiqishadi. Shuningdek, telefondagi intervyu davomida aloqani qisqa va lo’nda qilish, telefon va email orqali ko’p bezovta qilavermaslik ham siz tarafingizdan bo’ladigan professional yondashuv bo’lib baholanadi.
Kelishuvlarga rioya qiling
Agar rekruiter bilan intervyu rejalashtirgan bo’lsangiz, o’z vaqtida qatnashing, hattoki telefondagi intervyuda ham. Intervyuga kech qolish yoki aloqaga chiqmaslik nafaqat sizni ishonchsiz odam sifatida ko’rsatadi, balki rekruiterni ish beruvchi oldida noqulay ahvolga tushirib qo’yishi mumkin.
Ularga ishoning
Axborot texnologiyalari sohasidagi rekruiterlar ko’p holatlarda texnik terminlardan va AT kompaniyalarning ish faoliyati hamda talablaridan boxabar bo’lishadi. Shunchaki ularga ishoning, karyerangiz haqida iloji boricha ko’p ma’lumot taqdim eting. Masalan, siz qisqa vaqt birnecha joyda ishlagan bo’lsangiz yoki karyerangizda uzoq muddatli to’xtalishlar bo’lsa, ular haqida albatta tushuntiring. Shunda rekruiter sizni ish beruvchilarga qaysi yo’l bilan tanishtirishni biladi, nomzod bo’yicha beriladigan savollarga tayyorgarlik ko’radi.
To’g’riso’zlik
Rekruiterlar to’g’riso’zlikni qadrlashadi. Bunga ish tajribasidan tortib, boshqa rekruiterlar bilan ishlayotganingizni ham bildirishingiz kiradi. Birnecha rekruiterlar bilan ishlash normal holat, ammo biror ishga intervyuga borayotganingiz yoki ishga joylashish arafasida ekaningiz haqida albatta BARCHA siz bilan ishlayotgan rekruiterlarga xabar bering. Rekruiterlar uchun nomzod bilan ishlash, unga vaqt ketqizish va oxir-oqibatda nomzodning loqaydligi (noprofessionalligi) sabab, bonussiz qolishdan yomoni yo’q.
Konstruktiv tanqid – foydali
Rekruiter sizning karyerangiz va tajribangiz bilan tanishib chiqqach, kamchiliklaringiz yoki rezyumeingdagi kamchiliklar haqida so’rang. Bu sizga kamchiliklaringizni to’g’rilash va ishga kirish imkoniyatlaringizni oshirish uchun xizmat qiladi.
Ishga kirganingizdan keyin ham aloqani saqlab qoling
Ko’p holatlarda rekruiter karyera-advokatingiz bo’lib qolishi mumkin. Siz qachon yana ish qidirishingiz mumkinligini bilmaysiz, shu sababli ham uzoq muddatda rekruiter bilan aloqani saqlab qolish foydali bo’ladi. Hech bo’lmaganda har olti oyda email xat yozib o’zingizni rekruiter radarida ushlab turishingiz ehtimoli bor.