Karyerada full time ishdan frilansga o’tish

Agar siz frilansning oylik maoshli ishdan ustunliklari va kamchiliklari bilan tanishib chiqib, frilansga o’tish haqida qaror qilgan bo’lsangiz, keyingi qadamlarni birgalikda ko’rib chiqamiz.

Frilansga o’tish yoki umuman karyerani o’zgartirishda odatiy qoida bor:
karyerani qanchalik keskin o’zgartirsangiz, iqtisodiy risk ham kattalashadi. Shuning uchun oylik maoshli ishdan (full-time) frilansga o’tayotganda iloji boricha keskin qarorlardan qochish kerak bo’ladi.

Sizda bu borada birnecha variantlar bor.

Hozirgi ish joyingizda ishni davom ettirib, frilans bilan kechqurun va dam olish kunlari shug’ullanish. Bu eng xavfsiz tanlov, ammo uning to’lovi – uzoq ish vaqtlari va dam olish kunlarisiz ishlash. Yosh va energiyaga to’la paytda hamda bo’ydoqlik vaqtlarida foydalanib ko’rsa bo’ladi. Yana bir kamchiligi – uzoq vaqt ishlash ish unumdorligining pasayishiga sabab bo’ladi.

Ishni yarim stavkaga o’zgartirib, qolgan vaqtda frilans bilan shug’ullanish. Yaxshi tarafi frilans uchun ham vaqt bo’ladi, ish-hayot balansida ham o’zgarish bo’lmaydi. Minuslari – yarim stavkada oylik kamayadi va dasturchilar uchun yarim stavkalik ishlar juda kam (agar davlat ishxonasida ishlamayotgan bo’lsangiz). Hozirgi joyingizda ish hajmi kam bo’lsa, yarim stavkaga ishlashni ish beruvchi bilan gaplashib ko’rgan ma’qul.

Frilansni boshlab olish uchun bir necha haftaga to’lanadigan (yoki to’lanmaydigan) dam olish kunlari olish. Bu imkoniyat sizga frilansga to’liq yondashishingizga yordam beradi. Frilans o’xshamagan taqdirda hozirgi ish joyingizga hech narsa bo’lmagandek qaytishingiz mumkin.

Ishdan bo’shab, frilansni boshlash. Riskli variant, faqatgina jamg’armasi yetarli bo’lganlar uchun mos bo’lishi mumkin. Bunda oila a’zolarining ham qo’llab quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shaxsiy tajriba

2013-yilda o’sha vaqtdagi ish joyimda proyektlar to’xtab qolgan, oyliklar 2-3 oyga kechikayotgan edi. Shuning uchun ofisdagi vazifalardan bo’sh vaqtda frilansni boshlashimga qarshilik qilishmagan. Dastlabki ikki oyda Upwork‘da mayda proyektlardan umumiy $600 daromad asosiy ishimdagi krizis paytini yengillashtirgan.

Ofisda ish hajmi ko’paygach, uydan va shanba-yakshanba kunlari frilansda ishlashga o’tganman.

Yarim yildan so’ng, frilansga to’liq o’tib ketish uchun ofisdan 3 oylik pul to’lanmaydigan ta’til olganman. Sababi, frilansda allaqachon doimiy mijozlar bor edi va frilansdagi ish hajmi ikki frontda ishlashga jismonan yo’l qo’ymasdi. Keyin ishga qaytib, bir oydan keyin ishdan bo’shadim va to’liq frilansga e’tibor qaratdim.

Mening holatimda karyerani o’zgartirish keskinliksiz, kichik-kichik qadamlar orqali amalga oshgan. Albatta, hammaning holati, sharoiti har xil. Shuning uchun yuqorida yozilganlarni frilansga o’tish instruksiyasi emas, maslahat deb qabul qilishingiz mumkin.