Frilans uchun ingliz tilini bilish darajasi va uni qanday qilib o’rganish mumkin?

Global frilans birjalarida, shu jumladan Upworkda qulay ish olib borish uchun ingliz tili darajasi kamida buyurtmachilar bilan chatda yozishib gaplasha oladigan darajada bo’lishi kerak. To’g’ri, Google translate orqali gaplarni tarjima qilib gaplashish ham mumkin, lekin bunda gap tuzishda tarjimon dasturdan foydalanayotganingiz bilinib turadi. Shuning uchun agar ingliz tilini bilmaydigan bo’lsangiz, o’quv kurslariga qatnashib, hech bo’lmaganda grammatikani o’rganing. Gap tuzishda grammatikani bilish asqotadi.

Rus tilini o’rganish bilan rus birjalarida ish boshlash mumkin. Men rus birjalarini maslahat bermayman.

Nima uchun Upwork, rus birjalari emas?

  • Rus birjalari kam to’laydi.
  • Rus birjalarida pulini to’lamasdan kiydirib ketish ehtimoli katta. Taqqoslash uchun, Upworkdagi buyurtmachilarimdan hech kim pulni to’lamasdan ketmagan.
  • Upwork’da tranzaksiyalar dollarda bo’ladi. Rus birjalari rublda to’laydi.
  • Upwork bozori rus birjalaridan 100 baravar katta
  • Upworkda soatbay ishlashda kafolatlangan to’lov bor.
  • Rus birjalaridan biri fl.ru da frilanserlar ma’lumotlari va hatto saytning manba kodlari chiqib ketdi. Bu xavfsizlik uchun katta minus.

Ingliz tili bo’yicha shaxsiy tajriba

Balki til o’rganish borasidagi shaxsiy tajribam bilan bo’lishishim zarar qilmas.

Talabalik paytida magistraturani chetda o’qish uchun, ingliz tilidan tayyorlanganmiz. Shunda grammatika uchun «Pyle M.A., Munoz M.E. Cliffs TOEFL Preparation Guide» kitobidan foydalanganman. Yaxshi kitob, grammatikani batafsil tushuntirgan. Ingliz tilini bo’yicha boshlang’ich bilimi borlar uchun tavsiya qilaman.

2013-yilda frilansga kirganimda chatda gap tuzib yozishda qiynalardim, ammo vaqt o’tishi bilan o’rganib ketganman. Frilans vaqtida asosiy ingliz tili muammoyim listening edi, audio/videoda gaplasholmasdim.

Bangkokga kelgach, listening va speaking darajamni ko’tarish uchun Youtube’da videolar ko’rishni boshladim. O’rganish uchun tavsiya qiladigan kanallarim:

Learn English with Papa Teach Me. Mavzularni qiziqarli qilib, hazil bilan tushuntiradi.

linguamarina. Chiroyli slavyanka.

Accent’s Way English with Hadar. Hadar o’rtacha tezlikda, ravon gapiradi.

Videolarni subtitle’larni yoqib ko’rishni maslahat beraman, shunda tushunarsiz so’zlarni o’tkazib yubormaysiz.

Yuqoridagi kanallardan zerikkanda qiziqishga qarab, Youtube’da ko’rsatuvlar ko’rib borish mumkin. Kamina siyosatga qiziqishi bois The Daily show with Trevor Noah‘niĀ  tomosha qilaman. Texnika bo’yicha – Marques Brownlee (MKBHD) va Dave Lee (Dave 2D) videolari aniq va tushunarli chiqadi.

Va nihoyat, listening uchun TOP daraja – Netflix’dagi Suits seriali!
Advokatlar haqidagi serialda oddiy so’zlashuvlarda kam foydalaniladigan so’zlar, iboralar ko’p keladi, bu so’z boyligini oshirish uchun ayni muddao. Suits’ni ko’rishda tushunmagan so’zlarimni o’z lug’atimga kiritib borganman.

Hozirda ko’rsatuvlarni subtitle’siz ham tushunib ketaman. Kino ko’rishda esa shunchaki qiziq joyini tushunmay qolib o’tkazib yubormaslik uchun subtitle yoqib qo’yaman.

Xulosa qilib aytganda Upwork’da chatda gaplashib ham buyurtma olishning imkoni bor. Lekin proyekti uchun ko’p pul to’lashga tayyor buyurtmachilar AQSHdan yoki Avstraliyadan bo’lgani bois, ular bilan gaplashish uchun ingliz tilini gaplasha olish darajasida bilish kattagina plyus bo’ladi.