Shaxsga doir ma’lumotlar to’g’risidagi qonun va blokirovka

Uzoq vaqt bu mavzuga aralashmay, ohiri nima qilisharkan deb kuzatib turdim. Hammasi avvaldan rejalashtirilganidek, didsizlik bilan blokirovka qilishga tushishdi.

Birinchidan, system design tugul, axborot texnologiyalaridan ham xabari yo’q deputatlar!
Dunyodagi hech bir yirik loyiha foydalanuvchi ma’lumotlarini alohida baza qilib saqlamaydi, foydalanuvchilarni mamlakat bo’yicha ajratib saqlash haqida o’ylash esa kulgili. Loyihalarning arxitekturasini ishlab chiqishda avvalo tizimning tez va xatosiz ishlashiga urg’u beriladi. Shu nuqtayi nazardan, qonunning ijrosini aynan so’ralgani kabi ta’minlashning imkoni yo’q.

Loyihalarning tez ishlashi hamda serverlar foydalanuvchilarning so’rovlariga tez javob qaytarishi uchun, ularning ma’lumot bazasi nusxalari interneti tez ishlaydigan dunyoning bir necha nuqtalariga qo’yiladi. Ma’lumotlar bazalari sekundning kichik bir ulushida sinxronizatsiya bo’ladi (AWS datasentrlari misolida).

Demak qonunning ijrosi uchun bittagina yechim bo’lishga yaqin holat – ma’lumotlar bazasining yana bir nusxasini O’zbekiston hududida saqlash. Bu borada menda savollar bor:

  • Yozda ham elektr toki o’chadigan, tezkor internetdan mahrum O’zbekistonda serverlarni joylashtirishni so’rayapsizmi?
  • Server «ko’tarish» va uning keyingi harajatlari katta pulga aylanadi. O’zi chumchuqnikidek bo’lgan O’zbekiston bozori uchun qaysi korporatsiya harajat qilarkan?
  • Serverlar O’zbekiston hududida joylashtirilganda ham, uning ichidagi o’zbekistonlik foydalanuvchilar ma’lumotlari dunyoning yana 10 tacha nuqtasidagi serverlarda qoladi baribir (qanday ishlashini yuqorida tushuntirdim). Server ko’chirish qonun ijrosini ta’minlagan bo’larkanmi?
  • Server joylashtirilgach, nafaqat foydalanuvchi ma’lumotlari, balki yozishmalar (messages) ham o’zbek internetini nazorat qiluvchilarga osongina tekshirish imkonini beradi. Biz nazoratchilarning vijdoniga, jazosi muqarrar bo’lmagan qonun buzilishlariga umid qilib o’tiramizmi?

Blokirovka haqida

Bir ikki katta korporatsiyalarni aytmasa, qolgan kompaniyalarning loyihalari to’liq avtonom emas. Ya’ni ular loyihasi uchun o’zi server ko’tarmaydi, boshqa xizmatlardan foydalanadi. Masalan hosting uchun Amazon Web Services (AWS), vebsaytning media elementlari uchun Fastly, xavfsizlik uchun Cloudflare, va hokazo. Agar barcha AWS serverlari ishlamay qolsa, internetdagi uchdan bir vebsaytlar «o’chadi», Fastly’da nosozlik kuzatilsa, Pinterest, Stackoverflow, Github kabi gigant vebsaytlarda muammo kuzatiladi. Hozirgacha Twitter va TikTok ishini sekinlashtirildi, ular ham boshqa bir xizmatlardan foydalanishadi (misol uchun, Twitter o’z infrastrukturasi uchun AWSni tanlagan). Demak IP bo’yicha Twitter ishlashini sekinlashtirilsa, o’sha IPni ishlatadigan boshqa vebsaytlar ham sekin ishlashni boshlaydi. Ba’zi vebsaytlar esa Twitterni OAuth autentifikatsiya uchun ishlatishadi. Twitter ishlamay qolsa, umuman boshqa saytlarda foydalanuvchilar Twitter yordamida avtorizatsiya bo’la olishmaydi. Blokirovka qilayotgan vaqtda bu narsalarni hisobga oldingizmi? 15 yildan ortiq vaqt davomida, qaysidir saytni blok qilganingiz sababli, dasturchilar uchun kerak bo’ladigan Microsoft Developer Network O’zbekiston hududida ochilmasdi.

Qachongacha blokirovka yechim bo’lishi kerak?..