Tom Kruz ishtirok etgan «Грань будущего» (Edge of tomorrow) kinosi yoqadi. O’lgach 24 soat orqaga qaytib qoladigan qahramon – Keyj (Kruz), har safar biror narsani o’rganib, tajribasi ortib boradi. Dastlabki qaytishlarida o’z jamoasidagilarni ogohlantirishga urinadi, keyingisida ularni qutqaradi, so’ngra voqealar rivojini o’zgartirmoqchi bo’ladi. Tajribasi ortgach, o’z atrofidagilarni qutqarib kichik qahramonlik ko’rsatish emas, balki faqat unda bo’lib turgan qobilyatni ishga solib, insoniyatni qutqarishga bel bog’laydi.
Bizning o’tayotgan kunlarimiz ham shunday. Kunlar deyarli bir xil qaytalanib turadi. Biz bir kundagi vaqtimizni turli darajadagi qahramonliklarga sarflashimiz mumkin – ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o’tkazishimiz, anchadan beri rejalashtirib yurgan ishimizni tugatishimiz, rizqimizni topish uchun mehnat qilishimiz, biror ilm o’rganishimiz, va h.k. Ohir-oqibatda, biz kundalik vaqtimizni sarflayotgan yumushlar bizning qay darajadagi inson ekanligimizni boshqalar oldida ham, Yaratuvchi oldida ham aniqlab beradi.
Vaqtni behuda sarflamaylik, uning qiymati yuqori, har biri hisobli. Zero bizda kino qahramoni – Keyj kabi, vafot etgach ortga qaytib qolish qobilyati yo’q.