Upworkdagi mablagʻni Payoneer Mastercard kartaga oʻtkazish

Payoneer karta

Upworkda ishlab topilgan mablag’ni Payoneer, Paypal, Skrill, bank transferiga (wire transfer) yuborish mumkin. To’lov metodlaridan o’zbekistonliklarga faqat Payoneer va bank transferiga ruxsat bor.

Har bir wire-transfer uchun Upwork $30 komissiya ushlab qoladi. Juda qimmat bu! Payoneer varianti haqida esa quyida gaplashamiz.

Payoneer xizmati rivojlanayotgan mamlakatlar frilanserlariga bankda hisob raqami ochmay turib Mastercard kartadan foydalanish, frilans birjalarda ishlab topilgan mablagʻni kartaga tushirish imkonini beradi.

Payoneerdan foydalanish shartlari

  • foydalanuvchi frilans birja yoki marketplace’larning birida (Amazon, Ebay) ishlayotgan boʻlishi, chunki Payoneerda shunchaki kartani toʻldirish imkoni yoʻq.
  • frilanserning davlati ruxsat etilgan davlatlar roʻyhatida boʻlishi. Masalan AQSH fuqarolari Payoneerdan foydalana olmaydilar (ularga keragi ham yoʻq albatta).
  • foydalanuvchi maʼlumotlarini toʻgʻri toʻldirish, pasport nusxasini elektron formatda yuborish.
  • soʻnggi yangilik – mahalliy bank hisob raqami maʼlumotlarini koʻrsatish majburiy qilib qoʻyildi. Bu kelajakda kartadagi mablagʻni bankdagi hisob raqamiga yuborish uchun qilingan boʻlsa kerak.

Payoneerda roʻyhatdan oʻtganingizdan soʻng, tizim maʼlumotlarni koʻrib chiqadi va pochta orqali Mastercard karta manzilingizga yuboriladi. Karta 20-30 kun ichida keladi.

Karta Payoneer profilida aktivatsiya qilinadi va uni odatiy Mastercard kartalar kabi ishlatish mumkin boʻladi.

Payoneer tariflari

Karta ochilgach yillik to’lov – $29.95 ni darhol yechib oladi va oyiga – bitta tranzaksiya boʻlsa (pul ishlatilsa) $1, tranzaksiya boʻlmasa $3 komissiya yechadi.

Onlayn kommersiyada ham avvallari komissiyasi bor edi, lekin menda 3 yildan beri Aliexpress va Gearbestdagi xaridlarda hech qanday komissiya yechmayapti.

Bankomatda faqat hisobni bilish uchun $1, pul yechish uchun $3.15 komissiyasi bor.

Upworkdan Payoneerga mablagʻ yechilganda Upwork $1 komissiya ushlab qoladi (avvallari $2 edi). Payoneer yuborilgan pulni 2 kunda hisobga tashlab beradi. Tezkor xizmat tanlanganda esa qoʻshimcha $2.5 yechib olinadi.

Payoneerning qo’shimcha xizmatlari

  • Payoneer accountdan boshqa accountga pul jo’natish mumkin. Komissiya yo’q. Minimal to’lov – $50.
  • Global Payment Service. Virtual bank account servisi. AQSH kompaniyalaridan (Amazon, Google Adsense) jo’natilgan pulni qabul qilish yoki yevropalik kompaniyalardan funt sterling hamda yevroda pul qabul qilish imkonini beradi. Xizmat haqi – 1% ushlab qolinadi.
  • Kredit karta orqali to’lov. Mijozlar maxsus forma orqali kredit kartalaridan pul to’lashlari mumkin. To’lov 2 biznes kuni ichida Payoneer accountga kelib tushadi. Komissiya – 3%.

Kartadagi pulni naqdlashtirish

Naqdlashtirish konvertatsiya ochilgunga qadar mushkul vazifa sanalardi. Endi shunchaki bankga pasportingiz bilan borib, pulni AQSH dollarida yoki so’mda olishingiz mumkin. Bank xizmat haqi – 3%

Kartadan xorijiy elektron-do’konlardan (Aliexpress, Amazon, Gearbest) mahsulot buyurtma qilishda ham foydalansa bo’ladi.

Payoneer va qonunchilik

Birinchidan frilans noqonuniy soha emas, agar mehnat kodeksi yoki boshqa hujjatlarda frilans haqida yozilmagan bo’lsa, bu bizning muammo bo’lmaydi. Shu sababli frilansda peshona teri bilan topilgan pulni olishga hech qanday to’siq yo’q.

Ba’zi mamlakatlarda (shu jumladan bizda ham), xorijiy davlatlarda hisob raqami ochish ta’qiqlangan (bizda qanday javobgarlik belgilanishi esa ko’zda tutilmagan). Payoneerda esa siz kartaning egasi bo’lasiz, ammo sizda hech qanday hisob raqam bo’lmaydi. Demakki qonun doirasida ish qilayotgan bo’lasiz.

Qanday qilib qonuniy tarzda frilanserlik qilish haqida keyinroq batafsil to’xtalamiz.

Payoneerda ro’yhatdan o’tish uchun bu yerni bosing.