Joomla – ma’lumotlarni boshqarish tizimi

Siz internet olamini kezib yurganingizda hoynahoy sayt sahifalarining pastki qismida “Powered by Joomla!”, “Сайт работает в SlaedCMS” yoki shunga o’xshash yozuvlarga ko’zingiz tushgan bo’lsa kerak. Hech o’ylab ko’rganmisiz, ular nima ekan?

Ular ma’lumot boshqaruv tizimlari (MBT, ingliz tilida CMS – Content Management System) bo’lib, ularning vazifasi ma’lumotlarni, foydalanuvchilarni boshqarish, yangilik qo’shish va h.k.lardan iborat. Ular grafik ko’rinishga ega va foydalanuvchi yuqorida sanab o’tilgan imkoniyatlardan foydalanishi uchun hech qanday dasturlash tilini bilishi talab qilinmaydi. MBTlarning 100ga yaqin turlari mavjud. Ularning ko’pchiligi, PHP dasturlash tili MySQL ma’lumotlar ombori bilan yaxshi “chiqisha olgani” uchun shu tilda tuziladi. Biz erkin va ochiq kodli MBTlardan biri Joomla bilan tanishib chiqamiz:

Joomla!

Joomla (o’qilishi – “jumla”) – eng keng tarqalgan erkin va ochiq kodli ma’lumotlarni boshqarish tizimi bo’lib, unga rasman 2005-yil 17-avgustda asos solingan. “Joomla” so’zi suaxili tilidan tarjima qilinganda “hammasi birga”, “bir butunlikda” degan ma’nolarni bildiradi. Ushbu MBT Mambo MBTning takomillashgan ko’rinishidir. Uning dastlabki to’liq versiyasi Joomla 1.0.0 Mambo 4.5.2.3 ning xatoliklari tuzatilgan holdagi qayta ishlangan nusxasi ekanligi fikrimizni tasdiqlaydi.

Joomla dastur paketi juda ko’p qo’shimcha qismlardan tashkil topgan.

  • Komponentalar (Components) – biror-bir masalani yechishga qaratilgan qo’shimcha dasturiy kod.
  • Modullar (Modules) – biror vazifani ekranga chiqarib beradi (masalan Kalendar, Soat).
  • Plaginlar (Plugins, Joomla 1.0.x versiyalarida mambot) – Joomlaning boshqaruv paneli qo’shimcha dasturiy kodi bo’lib, dasturning funksionalligini oshiradi.

Bundan tashqari til paketlari, sayt dizaynini o’zgartirish uchun ko’rinish fayllari (templates) ham internetdan ko’plab topiladi. Joomla’ga qo’shimchalarni http://extensions.joomla.org saytidan ko’plab topishingiz mumkin.

Joomla MBTning afzal taraflaridan biri – dasturiy paket o’zi bilan birgalikda ko’p qo’shimchalarini ham o’rnatadi. Shu bilan birga, eng ko’p tilga tarjima qilingan MBT hamdir. Joomla 60 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Shu jumladan Joomla o’zbek tili ham mavjud.

Joomla eng ko’p auditoriyaga ega bo’lgan ochiq kodli MBT sanaladi. Joomla forumida ro’yhatdan o’tganlar soni 200mingdan oshib ketgan. Joomlada agar biror muammo chiqadigan bo’lsa, forumlar yordamida tezkorlikda hal qila olasiz.

Joomla paketi erkin va ochiq kodli dasturiy ta’minotlar orasida 2006 va 2007da “Eng yaxshi ma’lumot boshqaruv tizimi” deb topilgan.