SSDdagi bir kun

Dasturchilarning ish boshlashi o’ziga xos, ajoyib. Ular, ish vaqti 10:00 da boshlanadigan ofisga 11 laga yaqin ko’z ishqalab birin-ketin sudralib kirib kelishadi va kecha kechqurun (va tunda) bo’lib o’tgan voqealarni muhokama qilishga vaqt qizg’anib darrov kompyuter va noutbuklarini yoqqan holda ishga kirishib ketishadi…

Stop, shu joyida adashdim shekilli, ishga kirishib ketishadi deyish loyiha menejerlari (qo’pol qilib etganda dasturchilarni nazorat qiluvchilar) nuqtayi nazaridan adolatsizlik bo’lardi. Sababi kompyuter yoqilishi bilan ishchi dasturlar emas, balki Mail.ru Agent, Odnoklassniki, Facebook, Twitter (va hokazo) ochilib yon tomonida o’tirgan sherigi bilan muhokama, bahs-munozaraga «start» beriladi. Og’izdagi tilni ishlatishga eringan «dangasa» va «ishyoqmaslar» kompyuter klaviaturasi orqali yelka ustida turgan bir dona bosh suyagi ichidagi fikrlarini dastur kodlariga «aralashib», «chaplanib» ketmasidan oldin hamkasblari bilan muhokama qilishga ulgurib qolmoqchi bo’lishadi. Bir soatga yaqin davom etadigan «ish boshlash» jarayoni ichiga yana internetdagi futbol, siyosat, va TVda berilmaydigan ijtimoiy hodisalar haqidagi yangiliklarni o’qib chiqishni qo’shib yuborsam «kollega»lar hafa bo’lishmasa kerak deb o’ylayman.

Har kungi bir xil vaziyatlar ichida boshqa voqealar ham bo’lib turadiki, ular ko’proq ofisda «kun yangiligi» sifatida esda qoladi. Masalan bugun, O’zbekistonda IT (AyTi dib o’qiladi – Informatsion Texnologiyalar) sohasida ko’pchilikka tanish bo’lgan Behzod Saidov (man uchun Behzodaka) bir kun oldin sotib olgan IPhone 4S telefonini (telefon deyishga til bormiydi) ko’pchilikning «duhi» yetmadigan «krash-test»dan o’tkazib olishga ulgurdi. Qo’ldan tushib ketgan IPhone oilasining eng so’nggi avlodiga hech narsa qilgani yo’q (marhum Stiv Jobsga tasanno!), ammo telefon egasi naq yurak hurujidan omon qogan bo’lsa kerak (bu albatta shaxsiy fikrim). Ish jarayonida IPhone, IPad brouzeri – Safari bilan birqancha muammolarga duch kelganim sababli IPhone 4 dan ko’ra Samsung Galaxy S II ni ustun ko’rganim uchun «yuqsin-yuqsin» qilib hamkasbim mobilnigini ishlatib ko’rish niyati bo’lmadi, ammo tashqi ko’rinishidan Iphone 4S 4 dan umuman farq qilmasligini bilib olishga erishdim deb bemalol ayta olaman. IPhone «jinni»lari bo’lmaganlarga 4 chi versiyasi bilan cheklanishlarini maslahat bergan bo’lardim, garchi «tishlangan olma» logotipiga ega firma telefonlarini sotib olish istegida bo’lganlar maslahatga amal qilishmasa ham .

Aytgancha, yigitlik burchini o’taganim sababli ofisda 1 oy bo’lmaganim uchun unda bo’lgan o’zgarishlarini ko’rib chiqishimga obeddan keyin internetning o’chib qolishi sabab bo’ldi disam hichkim ishonmasa kerak (lekin rost gap). Archani qidirib topomadimu, lekin yangi yilga xonalarni chiroyli bezatishganini guvohi bo’ldim, hammayoqda zarlar ilib chiqilgan. Mobil telefonlarga dastur yozuvchilar «o’z haqlarini talab qilib» «bosh ko’tarishgan» shekilli, ularni ActionScript komandasidan ajratib alohida xona qilib berishipti. Ishonchim komil, ular xonada o’tirvolib IPhone va Androidga dastur yozish eng kelajagi porloq soha ekanini o’ylab fahr bilan ishlashayotgandir. Hamma dasturchilar o’zi shunaqa – o’zining ishi dunyoda eng yaxshisi deb hisoblashadi.

Dasturchi bo’lmaganlar esa afsuski buni bilishmaydi. Yo’q, dasturchi bilan kompyuter yig’uvchi yoki internet-kafe administratorlarini adashtirishlarini aytayotganim yo’q, bunga allaqachon ko’nikib ketganman. Bugun MailAgentda TATUda birga o’qigan kursdoshim bekor qolgan vaqtida PHP dasturlash tilini o’rganishni boshlashga harakat qilishni o’ylayotgani haqida aytib o’tdi (Universitetda 2-kursdan boshlangan karamsho’rva gap bu) va har doimgidek qaysi «uchebniklar»ni o’qish kereligini so’rab surishtirdi. Ohirgi bergan savoli vashe «dahshat» chiqdi:

– Nima dib o’ylaysan, PHP yana necha yil yasharkina?

Tamom, bundan yomon savol bo’masa kere. Dasturchi uchun (u birnecha dasturlash tilini bilsa ham) uni «boqayotgan» tilning yo’qolib ketishi haqida savol berish bu otning orqasida o’ralashish bilan barobar (albatta bo’rttirib gapirdim ). 17 yildan beri yashab hozirda «gullab-yashnayotgan» PHP kamida yana 10 yil sayt yaratish bo’yicha eng yuqori o’rinda turishi aniq, lekin o’rganmaslikka «otmazka» uchun berilgan savolga shunchaki to’g’ri javob berishni xohlamadim:

– San PHPni o’rganganinda PHP allaqachon «chetga chiqib» ketgan bo’ladi!

Hamma o’z ishiga berilib ketgan vaqtda xonada 10dan ortiq odam o’tirgan bo’lishiga qaramasdan, hukm suradigan sukunatdan pashshaniyam uchgisi kemiy qolsa kerak. Yuqorida etganim, noan’anaviy holatlarda ovoz bilan fikr bildirib jimlikni buzish mumkin xolos. Bugun jimjitlikni buzilishiga oshxonadan 2-etajga chiqvotgan kuygan hid sabab bo’ldi:

– Mikrovolnovkada nimadir kuyvotti shekilli…

2 minutdan keyin:

– Uje yonib ketdi manimcha, hidi chiqishini qara…
– Sellofan ichida narsa qo’yishganmikin, sellofan eriganini hidi chiqvotti…

Hich kim joyidan qimirlagani yo’q! Birinchi etajda o’tirgan «dangasala» ham chiqib qarashmagan. Direktor yongan hidni sezgach mikrovolnovkaga go’shtli pirog qo’yganlari esga tushib darhol pastga yugurdilar (Afsus, ofis menejeri vazifasini bajaruvchi Natashaning shaxsiy sekretarlikka ko’p ham vaqti bo’lavermaydi ). Menmi? Men ketish vaqtida nima bo’lganini ko’rish uchun oshxonaga birrovga qarab qo’ydim, kuygan hidni hisobga olmasa hammasi joyida ekan…