Qanday qilib dasturchi bo’ldim?

Dasturchi

Balki taqdir deyishar, lekin professional dasturchi bo’lmasligim ham mumkin edi. Chunki dasturchi bo’lishni avvaldan orzu qilmaganman, sharoitga moslashish tufayli dasturlashni o’rgangandim.

TATU

Hom sut emgan bandamizda, o’qishga kirganimizda kelajakda axborot texnologiyalari mutaxassisi bo’lib chiqamiz, yaxshi joyda ishga tayyorlab qo’yishgan deb o’ylaganmiz. 1-kursda Pascalni o’rgatishni boshlashgandan bildimki, universitetdan faqat diplom bilan bitirib chiqish mumkin. Yo’q, universitetni yomonlash niyatim yo’q. Universitet o’rganishni, izlanishni o’rgatadi, o’rganish uchun muhit yaratib beradi, lekin tayyor mutaxassis qilib chiqaradigan bilim bermaydi. Qo’shimcha kurslarga qatnashish kerak bo’ldi. Universitet yordami bilan Yosh Dasturchilarni Tayyorlash va Qo’llab Quvvatlash markazida dasturlash hamda tizim boshqaruvi bo’yicha 3oylik kursda o’qib chiqdim. C# darslari 3 oydan keyin esdan chiqib ketdi, lekin 3 oylik kurs boshqa tomoni bilan 3 yildan keyin yordam berdi.

Cinema Market

Universitetda birinchi kursni tugatganimdan keyin Cinema Market’da kontent-menejer bo’lib ishga kirdim. U yerda Joomlada yasalgan saytga kontent kiritish bn shug’ullanardim. Keyinchalik Joomlada yana bitta sayt qilishga to’g’ri keldi, uni hali CMS nimaligini tushunmaydigan kontentshik bolaga (menga) berib qo’yishdi. Og’ir kunlarda yordamini ayamagan Google bilan birga joomlada saytni ko’tardim: Nomi acvo.uz edi. Undan tashqari, ofisdagi kompyuterlarga qarab yurardim. Direktor bn chiqisha olmaganim uchun 2 oydan keyin ishdan ketdim.
Cinema Market menga nima berdi? CinemaMagazine jurnalida rasmim chiqqanidan tashqari dasturlashga kirish yo’nalishni belgilab berdi. Kollejni bitirganimda HTML, CSSni bilardim. Demak endi PHPni o’rganish kerak.

iVeo.uz

Cinema Marketdan bo’shagach, PHP bo’yicha Popov videokursini o’rganib chiqdim, yana nomini eslolmaydigan kitoblarni o’qidim, bilim bor lekin tajriba yo’q talaba edim. Dasturlash sohasida eng qiyini shu, bilim bor tajriba yo’q. Ozgina bo’lsa ham tajriba bo’lishi uchun tekinga 2-3ta sayt yaratish kerak. Universitetda ko’pchilik PHPni o’rgangach tuzukroq shug’ullanmay tashlab ketgan. Tajriba bo’lmasa ham internetda ish qidirdim va iVeo firmasida masofadan ishlashni boshladim. Hozir birinchi yozgan kodlarimni eslasam qo’rqib ketaman, tajribasiz dasturchining qilgan ishi tayyor mahsulot uchun yetarli bo’lmaydi. Shunga qaramay, Toshkent shahridagi billbordlar egasi MediaCity kompaniyasining mediacity.uz sayti birinchi versiyasi – tajribasi yo’q dasturchining mahsuloti edi. iVeo’da yana 2ta sayt qildim, firma egalari yosh, energiyasi bor bolalar edi. Faqat tajribasizlik sababli, proyekt detallarini hammasini aniqlashtirmasdan ish boshlashim o’zimning zararimga ishlagan 🙂 Firmada asosan (3d-)dizaynerla edi. Bitta rus dasturchisi bo’lgan. Bir kuni uning kodini ko’rib o’tirib, Zend papkada nimalar turadi dib so’raganim esimda))
3ta saytdan keyin iVeodan boshqa zakaz olmadim.

Univerda 3-kursdan Zend Frameworkni o’rganishni boshladim. 3-4 oydan keyin comsoft.uz (2007-yilda ochilib 2010da yopilgan hi-tech ma’lumotlari sayti), elektron slovar dic.uz yozdim. Bularning hammasi Zendda tajriba orttirish uchun qilingan ishlar edi.

NBU

Student dasturchi deyarli hech kimga kerak emas edi, hozir ham shunday. Ish qidirib charchadim, tushkunlikka tushib qolgan vaqtlarim edi, shunda tanish-bilish qilib NBU bosh binosiga operator-stajer qilib, ishga olib kirib qo’yishdi, 6 oydan keyin to’laqonli ishni boshlashim kerak edi. Ammo 5-oyda ishga kelmasligimni, o’qiyotganim uchun ishga olishmasligini etishdi. Ana xolos, vaqtliroq etishganda kelib yurmasdim.

SSD

2010-yili 3-kursni tugatayotganimda SSD dasturlash studiyasiga suhbatga taklif qilishdi. Borsam, 3 oylik kursda o’qitgan o’qituvchim o’tiriptilar. Shu firmada ishlayotgan ekanlar, katta ehtimol bilan direktorga meni tavsiya qilganlar. Qizig’i, bankdagi va’da qilingan oylikdan firmaning stajerga bermoqchi bo’lgan oyligi 2 baravar ko’p edi. Qisqa muddatda ishlarim joyiga tushib ketdi, 3 oy yoz o’tib 4-kursda o’qishim boshlangach, yarim kun (6 soat) ishlayotganimda ham, har oyning ohirida to’liq ish kunida deb hisoblashdi va oylik maoshni to’liq berishdi. Qiziq tomoni – hodimlarga ish vaqtida to’liq erkinlik berilardi va bu hodimning vijdonan ishlashiga olib kelar, samaradorlikka yaxshi ta’sir ko’rsatar ekan, paradoks. Oldingi joylarda buni ko’rmagandim.

Shuningdek, diplom ishimga firmada qilingan fanzone.uz’ni ko’rsatib qiyinchiliksiz 5 baho olib ketdim.

Xulosa

Agar CinemaMarketda direktor bilan kelishib ketganimda kontentshik bo’lib qolarmidim, yoki NBUda ishga qabul qilishganda operatorlik qilarmidim, bilmadim. Ammo bitta narsa aniq:

Yaratganning rejasi bizning rejalarimizdan ko’ra yaxshiroq… Hudoga shukur!