Upworkdagi 5 yildan ortiq vaqt davomida turli mijozlar bilan ishladim va xulosa sifatida ular bilan tanishtirib oʻtaman. Agar siz frilanser boʻlib ishlaydigan boʻlsangiz, ular bilan Upworkdan tashqarida ham duch kelasiz 🙂
Quyida sanab o’tiladigan mijozlarning turlari butun dunyoda topiladi:
1. Yangi. Frilansga yangi kelgan mijoz. Narxlarni bilmaydi, qanday ishlashni bilmaydi. Tanishining gapiga ko’ra frilans-birjalardan arzonga dasturchi topib saytini yangilab olishi mumkin ekan. Frilanserlarni tanlash qoidalarini bilmagani uchun arzonrog’ini tanlaydi.
U bilan ishlash lotoreyadek gap, harakteri qandayligini oldindan bilish qiyin. Adekvat bo’lsa va omadi kelib yaxshi frilanser uchrasa, frilanser bilan ishlash jarayonida tajriba orttiradi.
2. Ziqna. Uzoqdan tanish mumkin uni. Birjaga qo’ygan ishida odatiy narxdan ikki barobar arzon narx qo’yadi. Masalan, $150 budjet bilan, «Drupaldan WordPressga saytni o’tqizib berish»ni so’raydi. Yoki $15 narx qo’yib, «Oson ish, biladigan dasturchi 20 minutda qilib bera oladi» mazmunidagi ish qo’shadi.
Agar reytingni oshirish va mijozning bahosini yig’ish niyatida bo’lmasangiz, undan uzoqroq yurganingiz ma’qul.
3. Mazlum. Uning avvalgi qizi frilanseri ishni chala tashlab ketgan. Aslida kim aybdorligini bila olmaysiz. Mijoz avval ziqna bo’lgan bo’lishi yoki frilans-birjaga yangi kelganida tajribasiz frilanserga uchragan bo’lishi mumkin.
4. Shiva. Aslida mijoz shivamas, u 6 qo’lli shiva-frilanser qidiradi. Bitta frilanser sayt dizaynini chizadi, dasturlaydi, SEO-optimizatsiya qiladi, maqola yozadi deb hisoblaydi. Ziqnalik xususiyati ham bor bo’lishi mumkin.
Tajribali frilanser ishni boshlashdan oldin uning hajmini detallarigacha aniqlashtirib oladi, shuning uchun «shiva» tajribasizlarga boshog’riq bo’ladi.
5. Dallol. Uning dasturlashdan ham, menejerlikdan ham xabari yo’q. Shunchaki tanishiga dasturchi topib berib o’rtada pul ishlab olmoqchi. Dasturchining gapini tanishiga, tanishining gapini dasturchiga yetkazib turadi. Garchi o’rtada turib pul ishlayotgan bo’lsada, hech qanday mas’uliyatni o’z bo’yniga olmaydi.
Bilmadim, qiziq loyiha bo’lsa u bilan ishlash mumkindir. Mas’uliyatsizligi pand berib qolib, ishni o’rtasida ham tashlab ketishi mumkin.
6. Frilanser. Ha, mijozning o’zi frilanser. Ko’pincha ishi ko’payib ketgani uchun yordamchi qidirayotgan bo’ladi (yoki o’zi qilolmagan ishi uchun yordam so’raydi).
Yaxshi mijoz. Muhimi u o’zi nima istayotganini biladi. Saviyali frilanser bo’lsa, u bilan bitta loyihada cheklanib qolmay, yangi loyihalarda ham hamkorlik qilish mumkin. Masalan, Malayziyaga xizmat safariga taklif qilgan Sem o’zi ham dasturchi edi va u bilan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida birnecha katta loyihalarda hamkorlik qildik (hozircha tanaffus).
7. Profi. Digital-agentlik yoki veb-studiyaning loyiha-menejeri. Dasturchilari jamoasining ishi ko’payib ketgani sababli yangi ish kuchi qidirayotgan bo’ladi. U aqlli, uzoqni ko’ra oladi, ish jarayonida maslahatlar berib turadi.
Frilanser u bilan birga o’sishi, tajriba orttirishi mumkin. Ko’pincha uzoq muddatli hamkorlik qilinadi. Masalan profi-mijozlarimiz – AQSHdagi Runner Agency va Vertical Nerve agentliklari bilan 4 yildan beri aloqada bo’lib turamiz. Ba’zi ishlarda yordam so’rashadi.
8. OK. Shokolad-mijoz. Ish bitirilgach, tugadimi-bo’ldi qabilida qabul qiladi. Tekshirish, xato bo’lsa qaytarish degan tushuncha yo’q. Bunaqasi kamdan-kam uchraydi, ammo bor 🙂
9. O’zbek (Lagan). Uzr, qo’shmasam bo’lmaydi uni. Loyiha yaxshilab muhokama qilinadi, smeta tuziladi, narxlarni minimaligacha kelishtiradi. «Ok, ertaga shartnoma tuzamiz» deydida, keyin yo’q bo’lib qoladi. Huddiki hech narsani kelishmagandek, bamaylixotir yuraveradi. Afsuski bunaqasini faqat o’zbek mijozlar ichida uchratdim.
Siz qanday mijozlar bilan ishlagansiz?..