Ertalab championat.asia saytida yangiliklarni o’qib borayotib, hisoblar ruknida Tayland-Xitoy o’yini haqidagi e’longa ko’zim tushib qoldi. Bangkokdagi xizmat safarim davomida ancha vaqtdan beri shaharda futbol bo’lsa ko’rgani tushaman deb rejalashtirib yurganim sababli, internetdan uchrashuv haqidagi yangiliklarni o’qib chiqdim…
Aslida Bangkokda har hafta Tay Liga 1 (bizdagi Superliga) o’yinlari bo’ladi, shahar sharafini ligada 6 ta jamoa himoya qiladi: Port FC, Police Tero (sobiq Bek Tero Sasana), Muangtong Yunayted, Air Force Central, Bangkok glass va Bangkok yunayted. Ular ichida Muangtong Yunayted eng kuchlisi bo’lib, sovrinlari bo’yicha Buriram Yunayteddan keyingi o’rinda turadi.
Afsuski poytaxtning eng kuchsiz jamoasi – Port FC ning stadionigina shahar markaziga yaqin joylashgan, qolgan jamoalarning stadionlari shahar chetida bo’lgani uchun metroda borib bo’lmaydi (salom, Lokomotiv). Avtobuslarda esa bekatlar nomi tay ierogliflarida yozilgani uchun chet ellik sayyohning avtobusda adashib qolishi ehtimoli yuqori.
Darvoqe, Tayland milliy terma jamoasining o’z stadioni bor – Rajamangala. Stadion Osiyo o’yinlarini o’tkazish uchun 1998-yilda ochilgan, dastlab 80 ming tomoshabinni sig’dirgan inshoot keyinroq 65 ming o’rindiqga kamaytirilgan. Stadionda yugurish yo’lakchasi, sakrash uchun qum maydoni bor va tribunalarning maydondan uzoqligi bo’yicha Paxtakor stadionini ham hijolatga qo’yadi. O’rta yoshdagi muxlislar stadionni yaxshi eslashadi. O’zbekiston 2003-yilda, Osiyo kubogi-2004 saralashi doirasida Taylandga safar qilgan va Rajamangala stadionida 4:1 hisobida yengilgan. Termamiz ungacha Osiyo kubogiga yo’llanma olib bo’lgani bois, yirik mag’lubiyat bizga ta’sir ko’rsatmagan, Taylandni esa kubokga olib chiqqandi. Qizig’i, Tayland o’zaro o’yinlarga ko’ra bizdan ustun: 6ta g’alaba ularda, 5ta g’alaba bizda.
…Xo’sh, yangiliklarda yozishicha Xitoy bilan o’rtoqlik o’yini o’tkazishga kelishuv aprel oyida, 2 oy oldin hal bo’lgan ekan (sizlar terma jamoalar o’z rejalarini bir yilga tuzishadi deb yuribsiz ;)). Tayland Futbol Assotsiatsiyasi prezidentining aytishicha Xitoy va Hindiston Taylandda o’yin o’tkazish istagini bildirgan ekan. TFAdagilar uzoq o’ylab ko’rib va FIFA reytingiga ko’z qirini tashlab olib, Xitoyni tanlashipti. Qisqasi, Tolibjonov usulida o’rtoqlik o’yini o’tkazishga kelishishgan.
O’yin 18:30 da boshlanar ekan, 16:30 da stadion darvozalari ochiladi.
Chiptalar 5ta kategoriyada chiqarilgan (vip chiptalar haqida ma’lumot yo’q):
W1 zona – narxi 500 bat (130 ming so’m)
W2-3 zona – 400 bat (103 ming so’m)
Away zona (mehmon muxlislar zonasi) – 350 bat (90 ming so’m)
E1 zona – 300 bat (78 ming so’m)
E2 zona – 200 bat (52 ming so’m)
N va S zonalar – 100 bat (26 ming so’m)
Chiptalar bizning narxda qimmat, qo’shilaman. Lekin yuqoridagi narxlar o’rtoqlik o’yini bo’lgani uchun nisbatan arzon. Shou-o’yinlarda, masalan Chelsi kelganda chipta narxlari 1 200 000 ga baholangan.
Zukko o’quvchi W, E, N, S – g’arb, sharq, shimol, janubni anglatishini tushunishgan bo’lsa kerak. G’arbiy tarafdagi W2-W3 zonalarining tomi bor va quyosh hamda yomg’irdan asraydi.
Odatda chiptalarni http://www.thaiticketmajor.com/ saytidan onlayn harid qilish mumkin bo’lardi, lekin o’rtoqlik o’yini bo’lgani uchun onlayn savdo bo’lmayotgan ekan. Nachora, vaqtliroq borib, chipta sotib olaman.
Bangkokdagi tirbandliklarda qolib ketgan avtomobil ichidagi odam umrining o’tib borayotganini ijtimoiy tarmoqlarda havoga uchirgan vaqtidan ko’ra ko’proq his qiladi. Shanba – odatiy ish kuni emas, hali ishdan qaytadigan vaqt ham bo’lmagan… Yo’q, baribir tirbandlik dastidan taksida stadiongacha yetib borolmadim. «Okya, shu yerga saqlang» deb, 10 minutli yo’l qolganda tushib qolib, uyog’iga piyoda ketdim.
Stadionning 5-raqamli darvozasi oldida «Эй, гражданина! Ты туда не ходи, ты сюда ходи!» deb turadigan qo’riqchi barchani 4-darvozadan kirishga yuboryapti. 4-darvozaga yetib borish uchun esa stadionning 100 metr radiusdagi atrofining yarmini aylanib chiqish kerak ekan.
Yo’lda dastlab motobayk-taksichi bilet sotib olishni taklif qildi, keyin o’tib ketayotgan odam qo’lidagi biletlarni reklama qildi. Taylandda o’tayotgan yarim yillik umrim davomida taylarning sayyohlarni «kiydirishiga» immunitet hosil bo’lgan, shu sababli so’raganim W2 zona biletini yaxshilab tekshirdim. Pechatlari turipti, yaltiroq stikeri ham bor. Qizig’i – narxi 400 bat, kassadagi bilan bir xil 😀 . Yong’oqning shaqirlashiga ishqiboz yo’lovchidan biletni sotib olib, 4-darvozaga yetib keldim.
Ey hudoyim! 2 oy oldin hal bo’lib ketgan o’rtoqlik o’yiniga muxlislarning tashrifini ko’ring!
Raqib – Xitoy! Yevropa jamoalari emas, Yaponiya emas.
Niqobli vahimachilar – ultras. Ashaddiy fanatlar. Abdurahmon Fozilovning fan-klubi bir ovozda baqirganda ham rasmdagi ultrasning shovqiniga yeta olmaydi, ular shunchaki boshqa fan-klublarni va xitoy fanatlarini «o’chirib qo’yishdi» (bu haqida keyinroq).
Odamlar «oqib» kelishmoqda:
Bu esa kamina:
Stadion hududiga kirish 12 ta yo’lakchaga bo’lingan. 8 ta erkaklar va 4 ta ayollar yo’lkasi. Olomonni erkak-ayolga ajratib bo’larmidi? Hamma ko’ziga yaqin ko’ringan yo’lkadan kirmoqda:
Chiptani shtrix-kodni o’qiydigan apparatda tekshirib o’tkazishyapti. Ishqilib soxta bilet olgan bo’lmay, bilett!
Yo’q, hammasi joyida. Dastlab og’iz ochishga deb olgan baklashka-suvimni olib qolishdi, keyin biletimni tekshirib o’tkazib yuborishdi 🙂
Stadion tashqi tarafdan bitmay chala qolganga o’xshaydi:
O’zimizda shu stadion qurilganda, o’z holicha qoldirishmasdi. «Skeletni yop oq alyukoponda, onasini emsin!» deganidan berishardi 😉
Jamoalar allaqachon stadionga kelishgan ekan:
Stadion binosiga kirishda chiptani yirtib, qo’lga muhr bosib berishadi. Muxlislar qo’lidagi muhr bilan keyinchalik darvozadan kirib-chiqib yurishlari mumkin bo’ladi:
Stadionga kirdimu, «Alhamdulillah…»
Tirbandlik sababli o’zgarib ketgan rejalar o’ylantirmaydigan bo’ldi. Buddaga e’tiqod qiluvchilar yashaydigan davlatning bosh stadionida, birinchi etajida namozxona va tahoratxona bor ekan. Bunisini diniy bag’rikenglik deyiladi.
Nihoyat stadiondamiz! Uchrashuv boshlanishiga 1 soat bor.
Birozdan so’ng fan-klublar o’rinlariga joylashishdi. Ular 3ta. N zonada «CheerThai Power» – bayroqlar, krichalkalar, barabanlar – hammasidan bor.
E zonada (o’rtada) «Thailand Hardcore», ko’p ham faol bo’lishmadi, lekin muxlislar ustidan yoziladigan eng katta bayroq ularda.
S zonada «Thailand Ultras». Ultras eng ashaddiylari – baraban va baqirishda boshqa klublarga master-klass o’tkazib berisharkan. Ayniqsa ular «CheerThai»ga nisbatan 3 barobar kam bo’lishlariga qaramay, eng faol bo’lishdi.
Xitoy muxlislari va fan-klubi esa Away zonada o’tirishdi, ular ham faollik ko’rsatishdi.
Jamoalar maydonga tushib kelishdi:
Barchasi huddi rasmiy o’yinlardagi kabi – FIFA musiqasi, bayroqlar, madhiyalar.
Uchrashuv Tayland terma jamoasining faolligi bilan boshlandi. Ular 10-daqiqagacha tashabbusni o’z qo’llarida ushlab turdilar, keyinroq o’yin maydon markaziga ko’chdi. Garchi jamoalar faollik ko’rsatishlariga qaramay birinchi taymda darvozalar oldida xavfli vaziyatlar ko’p bo’lmadi.
Xitoy 1-golni 34-daqiqada qarshi hujumdan kiritdi, gol ularning darvozaga yo’llagan birinchi aniq zarbasi edi.
Taylandda yomg’irli iqlim oktyabr-noyabr oylarigacha davom etadi, kunora chaqmoq chaqib, yomg’ir yog’ib turadi. O’yin kuni ham istisno bo’lmadi. Birinchi taym yakuniga kelib boshlangan yomg’ir tropik jalaga ulanib ketdi. Usti ochiq tribunada o’tirganlar taym tugashi bilan o’zlarini panaga urishdi:
Jamoalar jalaning tugashini, hech bo’lmasa sekinlashishini kutishdi. O’yinni qoldirmoqchi ham bo’lishdi shekilli, hakam va nazoratchilar maydonga qaytib nimalarnidir tekshirib yurishdi.
O’yinni qoldirish adolatsiz qaror bo’lardi, sababi ultras allaqachon yomg’irni kutmay tribunaga qaytishgan, futbolkalarni yechib, o’zlarini hammomda his qilgancha qo’shiq kuylashardi.
Uchrashuv yarim soat kech davom ettirildi. Bu vaqtga kelib maydon ahvoli yomonlashgan, ba’zi joylarda ko’lmaklar hosil bo’lgan edi. Koptok tepilgan joygacha dumalab bormaydi, yarim yo’lda qolib ketadi. Havodan oshirilgan to’p yerda sakramay, huddi Marselo to’pni to’xtatganiday ko’lmakga yopishadi. Hullas, zerikarli tuyulgan o’yin qiziqarli tus ola boshladi. 🙂
Keyinroq Tayland futbolchilari maydonga ko’nikib, hujumlari sonini oshirishdi (yomg’irli o’yinlarda o’ynash bo’yicha tajriba borda), ammo darvozaga to’p kiritishni uddalay olisholmadi. Aksiga olib birinchi gol muallifi Lu Vei yana bir qarshi hujumda texnikasini namoyish etib, uzoq masofadan to’pni darvozaga yo’lladi va taylandlik muxlislarning ham olqishiga sazovor bo’ldi.
0:2 hisobi uchrashuv so’nggigacha saqlanib qoldi.
Uchrashuvga tahminan 20 mingdan ortiq muxlis tashrif buyurgandir, aniq statistikani topa olmadim. O’rtoqlik o’yini bo’lgani uchun bo’lsa kerak, muxlislar jamoalaridan norozi bo’lib ko’rinishmadi. Yoki ular o’z termalarining darajasini bilishadi va ko’nikishgan.
Muxlislarning yarmidan ko’pining egnida terma jamoaning ko’k futbolkasi bor edi. Ularga tekin futbolka tarqatilmagan, ular jamoani qo’llab quvvatlash uchun sotib olishgan.
Futbol assotsiatsiyasi marketingi yaxshi ishlaydi, ko’chalarda terma jamoaning va liganing reklamalari, videoroliklari qo’yib boriladi. Futbolkalar sotuvi keng yo’lga qo’yilgan, terma futbolkasini deyarli barcha bozorlarda topish mumkin, Real, Chelsi, Barselona futbolkalari bilan bir qatorda Tayland va klublari futbolkalari ham sotiladi. Umuman olganda taylandliklar o’z yurtini yaxshi ko’rishadi.
Terma jamoa reklamasi:
Bunisi esa Warrix kompaniyasining 2018-yilgi milliy terma jamoa formasi reklamasi:
Shunaqa gaplar.
We are Thailand, we cheer Thailand… (tilimga o’rnashib qoldi).