Tayland poytaxti Bangkok katta metropolis bo’lib, karyera qilish uchun ajoyib imkoniyat beradi. Poytaxtda katta korporatsiyalardan ham, kichik startaplardan ham ish topsa bo’ladi (Linkedin’da Bangkokni tanlab, ish qidirsangiz takliflar chiqadi).
Ishlash uchun Non-B deb nomlanuvchi viza bo’lishi kerak, viza bo’yicha ish beruvchi shug’ullanadi.
Viza uchun kerak bo’ladigan hujjatlar:
- Pasport. Amal qilish muddati o’tmagan va bo’sh varaqlari kamida 3 ta bo’lishi kerak.
- Pasportning rasmli varag’i, viza, shtamp varaqlarining nusxasi;
- 3.5×4.5 rasm;
- Universitet/institut diplomining tarjima qilingan va O’zbekistonning Bangkokdagi konsulligi tomonidan tasdiqlangan nusxasi. Konsullik xizmati yarim kunni oladi va 1600 bat bo’ladi;
- Rezyume;
- Tayland Mehnat vazirligidan xat (1 oyda tayyor bo’ladi);
- Ish beruvchi kompaniyaning taklif xati;
- Ish beruvchi kompaniyaning ro’yxatga olinga olinganligi haqida hujjat va litsenziyasi nusxasi;
- Ish beruvchi kompaniyaning aksiyadorlari ro’yxati nusxasi;
- Ish beruvchi kompaniyaning oxirgi balans ro’yxati nusxasi;
- Ish beruvchi kompaniyaning VAT ro’yxatga olinganligi hujjati nusxasi.
Qo’shimcha sifatida:
- hodimning malakali ekanligini tasdiqlash uchun avvalgi ish joylaridan spravka va uni ingliz tiliga o’girilgani (marazm). Agar Taylandda bo’lsangiz, konsullik mehnat daftarchangiz asosida sizga yordam berishi mumkin.
Kompaniya hujjatlari direktor tomonidan imzolangan bo’lishi kerak. Hujjatlar bilan kompaniya o’zi shug’ullanadi. Barcha hujjatlar tayyor bo’lgach, hodim Tayland elchixonalaridan biriga boradi.
O’zbekistonda Tayland elchixonasi yo’q. Moskvada bor, lekin turistik viza oluvchilar ko’pligi sababli navbat juda katta. Agar harajatlarni kompaniya «ko’taradigan bo’lsa» (ko’pincha shunday bo’ladi), Kuala Lumpur yoki Vyentyandagi elchixonaga borgan ma’qul.
Elchixonada «application» va «checklist» to’ldirilib, hujjatlar bilan topshiriladi. Hujjatlar to’liq bo’lsa, olib qolishadi va 1 ish kunida 3 oylik Non-B viza berishadi. 3 oylik viza hodimni ishga qabul qilishga ruxsat berilganligini bildiradi. Bu muddatda hodim bilan shartnoma tuziladi
* * *
3 oy ichida Bangkokdagi immigratsiyaga qayta hujjat topshirib, viza cho’zdiriladi.
Ishchi vizani olish va cho’zdirish protsedurasi juda chalkash, bu ish bilan shug’ullanadigan agentlar bor. Ko’pincha agentlarsiz ish bitmaydi.
Ishchi vizani Changvattanadagi immigratsiyada yoki BOI (Board of Investment) «yagona oyna»da (ha, bizdagi yagona darchaga o’xshash) cho’zdirishadi. BOI ancha qulay va eski ish joyidan spravka so’rab o’tirmaydi. Tushunganim bo’yicha farqi – BOI da 2 milliondan ortiq investitsiya kiritgan kompaniyalar bilan ishlashadi.
Mening holatimda vizani BOIda cho’zdirdik. Viza tayyor bo’lgach chaqirib rasmga olishadi. 1 soatdan so’ng Google Playdan «Digital Work Permit» dasturini ko’chirib olishni so’rashadi va login-parol taqdim qilishadi. Shu tariqa ishlash ruxsatnomasi mobil telefonda turadi. Shuningdek, pasportga viza cho’zdirilganligi haqida shtamp urib berishadi.
BOI va Digital Work Permit (DWP) haqida: http://chonburi.boi.go.th/public/upload/center_4/Doc/Presentation3.pdf
Ishchi viza va DWP nima beradi?
- Albatta qonuniy ishlash huquqini beradi va deportatsiyaga yoki qamoqqa tushishdan asraydi.
- Taylandda boshqa davlatlarning elchixonalaridan viza olish. Masalan Yaponiya yoki AQSHga sayohatga borish uchun viza olishga Bangkokda hujjat topshirish mumkin;
- Milliy tabiat parklari va birqancha turistik joylarda mahalliy aholi uchun mo’ljallangan narxlarni olish. Odatda narxlar sayyohlar uchun qimmat qilib qo’yilgan;
- Uy manzili DWPda ko’rsatilgan bo’ladi;
- Tayland haydovchilik guvohnomasini olish;
- Turmush o’rtog’i va farzandlariga birga yashash uchun Non-O vizasini olish;
- Nazariy tomondan 15 yildan so’ng Tayland pensiyasini olish (ijtimoiy himoya to’lovi 180 oy to’lab borilganda) va doimiy yashash ruxsatnomasini olish mumkin.
Menimcha shular, qisqa ma’lumotlar yetarli bo’ldi. Esga tushganda yoki yangilik chiqqanda qo’shib boraman.