Yo’qotishlar bahosi

Taylanddagi ekspatlar orasida yaqin ikki oy ichidagi muhokamalardan biri – amerikalik o’qituvchining Koh Chang orolidagi resortlardan birida bo’lib, yomon baho qo’ygani uchun, tuhmat qilish ayblovi bilan sudga berilgani bo’ldi.

https://www.bangkokpost.com/travel/1992079/koh-chang-resort-defends-suit-against-unhappy-expat-guest

https://www.bangkokpost.com/learning/advanced/1992399/koh-chang-resort-sues-expat-guest-over-bad-review

O’qituvchi sudgacha to’lanishi kerak bo’lgan badal pulini bermagani sabab, ikki kun qamoqda ham o’tirib chiqqan. Tayland qonunlari onlayn tuhmat uchun javobgarlik belgilagan va bu ba’zan boshqa maqsadlar uchun ham ishlatib turiladi.

Men bu yerda bir tomonning tarafini olmoqchi emasman, chunki ikki tarafning ham argumentlari asoslanarli. Boshqa jihatga e’tibor qaratish kerak. Baholar ahamiyatiga.

Kundalik hayotimizda servislardan foydalanib taksi chaqiramiz, ovqat buyurtma qilamiz. Ba’zan ular kechikkanda yoki boshqa bir sabab bilan jahl qilib, yomon baho qo’yishni qasd qilamiz. Biz beradigan baho yomon bo’ladimi, yaxshi bo’ladimi – biz uchun katta ahamiyatga ega emasdir. Ikkinchi tomon uchun esa, uning kasbi, biznesi, daromadi, oilasi biz beradigan bahoga bog’lanib qolgan bo’ladi.

Frilansda ishlagan paytlarim, karyeram Upworkda baholashning ikkinchi tomonida turganman. Mijozning ishini tugatib berib, uning adekvat ekanidan umidvor bo’lish – yoqimsiz holat. Mijozning beradigan bahosi karyeramga, daromadimga, keyingi proyektni olishimga bog’lanib qolgandi.

Bitta yomon baho sabab, mehmonxonalar haqida salbiy tasavvur paydo bo’ladi. Bitta yomon baho sabab, mahsulotning sotuvi tushib ketadi. Bitta baho sabab biznesning rivojiga zarar yetadi.

Raqobat shunaqa – shafqatsiz. Biz esa raqobatga aralasha oladigan, fikrini yurgiza oladigan inflyuenser-iste’mochilar bo’lib yetishyapmiz.

Sizning yomon bahoyingiz sabab, ikkinchi taraf qancha yo’qotishlarga uchrashi haqida o’ylab ko’ring. Yurakni kengroq qiling… Hech bo’lmasa obyektiv bo’lishga harakat qiling.

* * *

P.s. Ekspat-resort ishida ekspat uzr so’radi, resort suddagi da’vosini qaytarib oldi. Hammasi yaxshilik bilan tugadimi? Yo’q, ekspat yomon baho qo’ygan sayt – Tripadvisor resort’ni «yomon baho uchun sudga beruvchi» yorlig’ini yopishtirib qo’ydi: https://www.bangkokpost.com/travel/2018483/hotel-that-put-american-in-jail-gets-new-tripadvisor-label

Baholarning oqibati bo’ladi baribir…