Bilmadim bu xatni studiya yoki didjital-agentlik asoschilari o’qiydimi yo’qmi. Balki dasturlash xizmatlari ko’rsatuvchi studiya ochmoqchi bo’lganlarga foydali bo’lar.
Assalomu alaykum, IT biznes asoschilari!
Agar meni o’qiyotgan bo’lsangiz, menga qanday qilib studiyani (uzoq vaqt) yuritayotganingiz, qanday qilib noldan hech bo’lmaganda 15-20 hodimni ishlatayotganingiz qiziq!
IT biznesida eng katta muammo – kadrlar masalasi. Ular yo’q! Til biladiganlari allaqachon frilansda yoki masofadan turib chet el kompaniyalariga ishlashadi. Kichik studiya uchun senyor-dasturchi topish – utopiya. Middle-dasturchilarning ko’pi o’zidan yulduz yasab olgan. Ishni vaqtida bitirish, sifatli ishlash degan narsa onasinikiga qarab ketgan. Topshirgan ishida kamchilik tiqilib yotipti. Lekin oyliklarni vaqtida berish kerak!
Mijozlar – yana bitta boshog’riq! Iloji bo’lsayu, bir million so’mga Ucell’nikiga o’xshash korporativ sayt qildirsa. Yana «lagan«lar chiqadi. Telefon qilib uchrashuv belgilashadi, loyihani muhokama qilishadi, narxini minimaligacha qisqartirishadi, smeta tuziladi. Ertaga kelamiz deb, yo’q bo’lib qolishadi! Hayf – ularga ketqizilgan vaqt.
Buyurtmalarni vaqtida bitirish kerak, bo’lmasa shtrafi bor. Loyihalarni dasturchilarga tashlab qo’yolmaysiz, har kuni nazoratga olish kerak, bo’lmasa ish vaqtida va sifatli bitmaydi.
Mijozlarning ertasi ko’p! Ayniqsa ish bitgach, ohirgi to’lovni paysalga solishadi. Hodimlarga oylik, ofis ijarasi haqi, soliq, pensiya fondi, va hokazo hammasini vaqtida to’lash kerak. Yo’q, blin, mijozlar pul o’tkazishini kutamiz, vaqtida o’tkazishmasa o’z cho’ntagimizdan to’laymiz.
Darvoqe, yangi mijozlar qidirish, saviyali hodimlar topish, studiyani reklama qilish, xususiy loyihalarni qo’llab-quvvatlash – hammasi asoschining bo’ynida! Chunki firma uning egasidan boshqasiga kerakmas.
Firma muammolaridan tort yasasak, bank xizmatlari tort ustidagi tovlanib turadigan olchadek. Xorijlik hamkorlardan pul qabul qilish qiyin (kim biladi, balki senga terrorizmni qo’llab quvvatlash uchun pul jo’natishayotgandir?!). Naqdlashtirishga – tushingni suvga ayt. Bankga sotish – davlat narxida (ikki baravar arzonga) sotasan!
Agar studiyaning investori bo’lsa yoki studiya kattaroq agentlik qaramog’ida ish boshlagan bo’lsa, ularga oson bo’ladi. Lekin noldan stabil daromad keltiruvchi studiyaga yetish… Bilmadim qancha vaqt kerak bo’lardi. Men 1 yilgacha chidadim xolos.
Siz qanday qilib 15-20 hodimga ega stabil IT biznes qurishga erishdingiz?..
P.s. Firma 2017-yilda faoliyat yuritgan.