Deyarli bir xil o’tayotgan kunlardan eslashga nimadir qolsin deb, shanba kuni Samarqandni aylanib kelish uchun yo’lga chiqdik.
Yo’l atrofi sarg’ish, jaziramadan sillasi qurib chiqqan dasht-biyobon. Toshkentdagi chang-g’ubor viloyatga chiqqanda yo’qoladi deb homtama bo’lgan ekanmiz, yo’l bo’yi chang havoni kuzatib ketdik. Umuman, uzoq vaqtdan beri yomg’ir yog’mayotgan o’lka uchun tabiiy hol albatta. Menimcha bahorda adirlar yam-yashil tuzga kiradi. O’sha vaqtda yo’lda to’xtab piknikga chiqishga arziydi.
Jizzahga kiraverishda qator ovqatlanish kafelari yonidan o’tasiz. Lekin qaysi birida ovqatni yaxshi va ishonchli tayyorlanishini bilib bo’lmaydi. Google Maps’da bu oshxonalar yo’q. Agar hech bo’lmaganda 1-2 tasi o’zini Google Maps’ga qo’shsa, menga o’xshab yo’lni avvaldan rejalashtiradigan «tajribasizlar» kafelarning birida to’xtab o’tgan bo’lishardi. 4 soat avtomobil haydash osonmas, ayniqsa 3 soatlardan keyin ko’z rulda bo’lsa ham, miya trans holatiga kirishni boshlaydi (albatta to’xtab 5 minut dam ovolish kerak).
Samarqandga kirmasdan turib hafsala pir bo’ldi. Al Buxoriy (r.a.) maqbarasi ta’mirlash uchun yopiq, yonida «vremyanka» masjid va tahoratxona qurilgan. Kelganlar masjidda namoz o’qib, tilovat qilib ketishar ekan.
Darvoqe, Google Maps’dan Samarqanddagi obyektlar haqida foydali va aktual ma’lumot olish qiyin, sababi aholi shunchaki uni ishlatmaydi. Google Maps foydalanuvchilar o’zidan izohlar (feedback) qoldirib borgandagina sayohat uchun foydali dastur bo’la olardi.
Samarqandga borsam men agar,
Muhammad YUSUF.
Ulug’bekni ko’rib qaytaman.
U qon yig’lab turar har safar,
Men dardimni kimga aytaman?
Ulug’bek rasadxonasi shaharning kiraverish qismida joylashgani uchun, ziyoratni shu yerdan boshladik. Rasadxona yaqinida kichik muzey mavjud, unda Mirzo Ulug’bekning hayotiga oid ma’lumotlar berilgan. Tarixiy qiymatga ega buyumlar ko’p emas.
Rasadxonaning o’zi aslida uch qavatli bino bo’lgan ekan. XVI asrda, Shayboniy avlodlari davrida bino yer bilan bita qilib, tekislab yuborilgan. Uni XX asr boshlarida qazish ishlari davomida topishga muvaffaq bo’lishgan. Hozirda binoning podvaligina bor.
Tarixchi gid gapirib bergan ma’lumotlari orasida bitta muhim fakt hayratlantirdi: Ulug’bekni o’ldirishga o’g’li Abdullatif emas, Mo’g’luq xon farmon bergan. BBCda yozilgan maqola: https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan/2012/12/121225_latin_ulugbek_death
(Kitob muallifi – Ikromiddin Sirojiddinov bizga gidlik qildilar).
* * *
Samarqand oshi – yaxshi, faqat zig’ir yog’da qilingani uchun me’daga tegib qoldi. Toshkentning to’y oshini afzal ko’raman. Bu shunchaki subyektiv fikrim, fuqarolar urushi keltirib chiqarish niyatim yo’q. 😉
* * *
Peshinni o’qish uchun masjid qidirib, Hazrati Hizr masjidiga keldik. Eski va chiroyli kichikkina masjid Karimov qabri yonida joylashgan ekan. Ammo tahoratxona masjiddan 500 metr uzoqlikda! Masjidning gumbazi ajoyib, naqshinkor. Faqat chiqib ketayotgandagina e’tibor beribman. Rasmga olmoqchi bo’lsam, stul qo’yib kelgan-ketganni kuzatib turgan amaki mumkinmas dedi. Nega, sabab? Masjid ichida telefondan foydalanish mumkin emas ekan! 😀
Hazrati Hizr masjidiga yaqin tarixiy obida – Bibihonim masjidiga 15 minut piyoda yurib yetib olsa bo’ladi.
Binoning tepasi 1897-yilgi zilzila vaqtida buzilgan. Omon qolgan qismi restavratsiya qilingan.
Binoga qarang. Har xil naqshlar, shundaymi? Aslida ular kalligrafiya. Ular Qur’on oyatlari, hadislar, duolar bo’lishi mumkin. Men faqat qisqalarini o’qiy oldim xolos, masalan «Alloh», «Allohu akbar», «Muhammad»…
Kalligrafiyani o’qishga harakat qilganim sari, binolarga boshqa ko’z bilan qaray boshladim. Misol uchun Chorsudagi Ko’kaldosh madrasasining binosida ham «Alloh» va «Muhammad» so’zlari kalligrafik naqshda bitilgan. Yo’lingiz tushganda bir e’tibor berib ko’ring!
Masjid restavratsiya qilingan, eski va yangi g’ishtlar/naqshlar orasida farq ko’rinib turipti. Tushunamiz, restavratsiya qilish oson emas. Masjidni faqat chap tarafdagi binosining ichki qismi qayta ishlangan. To’g’ridagi va o’ngdagi binolariga tegilmagan. Tushunishim bo’yicha, uchala binoning hammasida ham namoz o’qilmagan. Ularning biri madrasa, yana biri karvonsaroy bo’lgan bo’lishi kerak (bu yerda gid olmaganimga afsus qildim).
Masjidning qarama-qarshi tarafida Bibihonim mavzoleyi, unda 4-5 ta qabr mavjud. Ular kimlarga tegishli ekani haqida ma’lumot beruvchi tablichka yo’q.
Bibihonim masjidi haqida: https://uz.wikipedia.org/wiki/Bibixonim_jome_masjidi
* * *
Shohi Zinda! Rosululloh S.A.V. amakilarining o’g’li Qusam ibn Abbos (r.a.) qo’yilgani sabab mashhur, mo’g’ullar bosqinida ham tegilmagan, Amir Temur davrida siyosiy elita ko’milishi boshlangan maqbaralar ansambli. Xorijlik sayyohlar aynan shu yerda ko’proq edi.
Qusam ibn Abbos r.a. qabrlarining yoniga borib bo’lmaydi, eshigiga qulf osilgan. Ammo naqshinkor deraza ortidan tomosha qilish mumkin va albatta tilovat qilinadi. Maqbaraga kirishda tepaga arabchada quyidagi mazmunda hadis yozilgan:
– Rosululloh S.A.V. «Qusam ibn Abbos odamlar ichida menga harakteri, xulqi, va tashqi ko’rinishi bo’yicha menga eng ko’p o’xshaydiganidir» deganlar.
Qolgan maqbaralar Amir Temur davridagi biror tarixiy shaxslarga tegishli. Shuningdek usta, yoki nomi yo’q askarning ham maqbarasi bor. Binolar naqshlari bejirim ishlangan.
Nima uchun maqbaralar qurilgan? Menda aniq fikr yo’q, odamlar kelib tilovat qilishga qulay bo’lishi uchundir… Bilmadim.
Davomi bor…